elektrodinamika asoslari - static.abt.uzstatic.abt.uz/post/fizika-2.pdf · elektrodinamika-elektr...

6

Upload: vuongquynh

Post on 06-May-2019

627 views

Category:

Documents


10 download

TRANSCRIPT

Page 1: ELEKTRODINAMIKA ASOSLARI - static.abt.uzstatic.abt.uz/post/fizika-2.pdf · Elektrodinamika-elektr zaryadlari orasidagi o‘zaro ta’sirni amalga oshiruvchi elektromagnit maydon qonunlari
Page 2: ELEKTRODINAMIKA ASOSLARI - static.abt.uzstatic.abt.uz/post/fizika-2.pdf · Elektrodinamika-elektr zaryadlari orasidagi o‘zaro ta’sirni amalga oshiruvchi elektromagnit maydon qonunlari

ELEKTRODINAMIKA ASOSLARI Elektrodinamika-elektr zaryadlari orasidagi o‘zaro ta’sirni amalga oshiruvchi elektromagnit

maydon qonunlari haqidagi bo‘limdir.

Eng sodda elektr va magnit hodisalari juda qadim zamonlardanoq odamlarga ma’lum bo‘lgan. Bu hodisalar

yagona sistemaga solinguncha ko‘plab tajribalar o‘tkazilgan, kashfiyotlar qilingan. 1785-yilda fransuz fizigi

Sh.Kulon (1736−1806) nuqtaviy zaryadlar orasidagi o‘zaro ta’sir qonunini kashf etdi. 1820-yili daniyalik

fizik Ersted (1777−1851) elektr toki atrofida magnit maydon hosil bo‘lishini kashf etdi. 1831-yilda

M.Faradey (1791−1867) elekromagnit induksiya hodisasini ochdi. Ingliz olimi J.Maksvell (1831−1879)

elektrodinamikaning asosiy qonunlarini yaratdi va 1867−yilda e’lon qildi. U o‘zining nazariyasida tabiatda

yagona elektromagnit maydon mavjudligini ko‘rsatdi. Nemis fizigi G.Gers (1857−1894) elektromagnit

to‘lqinlarning mavjudligini tajribada isbotlab, Maksvell nazariyasini tasdiqladi.

I BOB. ELEKTR MAYDON Elektr maydon−elektromagnit maydonning (magnit maydon bilan birgalikda) namoyon bo‘lish

shakllaridan biridir. U harakatsiz zaryadga ta’sir ko‘rsatadi. Elektr maydon haqidagi tushuncha ingliz fizigi

M.Faradey tomonidan kiritilgan. Uning tasavvuri bo‘yicha harakatsiz har bir zaryad o‘z atrofida elektr

maydon hosil qiladi. Bu zaryadlar bir-birlari bilan maydonlari orqali ta’sirlashishadi. Harakatsiz zaryad

atrofidagi elektr maydonga elektrostatik maydon deyiladi. Ushbu bob elektrostatik maydonni o‘rganishga

bag‘ishlanadi.

1-§.Elektr zaryadi. Elektr zaryadining saqlanish qonuni. Elektr zaryadi. Jun matoga ishqalangan kahrabo tayoqcha yengil narsalarni tortish xususiyatiga ega

bo‘lishi juda qadim zamonlardan ma’lum bo‘lgan. Ingliz shifokori Jilbert (XVI asrning oxiri) ishqalashdan

keyin yengil narsalarni torta olish xususiyatiga ega bo‘lgan jismlarni elektrlangan (yunoncha kahrabolangan) deb

atadi va elektr so‘zi qo‘llanila boshlandi. Tabiatdagi moddalarning turli-tumanligiga qaramasdan faqat ikki

xilgina, qarama-qarshi ishorali elektr zaryadlari mavjud. Amerikalik fizik R.Milliken (1868−1953) tajribalar

yordamida elektr zaryadi diskret ekanligini, ya’ni istalgan jismning zaryadi elementar elektr zaryadi e(e=1,6

10–19C)ga karrali ekanligini aniqladi. Boshqacha aytganda, istalgan jismning zaryadi Q=±Ne, (N−butun son)

bo‘lmog‘i kerak. Elektron (me=9,11 10–31kg) va proton (mp=1,67 10–27kg) mos ravishda manfiy va

musbat elementar zaryadli zarralardir.

Manfiy zaryadlangan jismda elektronlar protonlardan ko‘p. Musbat zaryadlangan jismlarda

elektronlar protonlardan kam.

Zaryad zarraning ajralmas qismi hisoblanadi. Zaryadsiz zarra bo‘lishi mumkin, lekin zaryad zarrasiz

bo‘la olmaydi.

Elektr zaryadi – zaryadlangan zarralarning o‘zaro ta’siri amalga oshiriladigan elektr

maydonini vujudga keltiruvchi fizik kattalikdir.

Jismlarning har qanday ta’sirlashuvida ham ularning to‘la elektr zaryadlari o‘zgarmaydi.

Tajribalarning ko‘rsatishicha, jismlarning elektroneytralligi, ya’ni musbat va manfiy zaryadlari

tengligining aniqligi 10−21ga teng.

Elektr zaryadining saqlanish qonuni 1750-yilda amerikalik olim va davlat arbobi Bendjamin Franklin

tomonidan aniqlangan. Musbat va manfiy zaryadlarini “+” va “−” ko‘rinishidagi belgilashlarni fanga u

kiritgan.

Elektromagnit ta’sir. Yuqorida ko‘rganimizdek, har qanday jism massasidan tashqari elektr zaryadi

bilan ham xarakterlanadi va ular orasida nafaqat gravitatsion, balki elektromagnit ta’sir ham mavjuddir. Bir

xil ismli zaryadlar itarishadi, turli ismlilari esa tortishishadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, elektromagnit

ta’sir gravitatsion ta’sirdan ko‘p marta kuchliroqdir. Shu bilan birga gravitatsion ta’sir barcha

jismlarga xos bo‘lsa, elektromagnit ta’sir faqatgina zaryadlangan jismlargagina xos xususiyatdir. Elektromagnit ta’sirning kuchliligi jismdagi zaryad miqdoriga bog‘liq bo‘ladi.

Jismlarning zaryadlanishi. Tabiatdagi barcha jismlar elektrlanib qolish xususiyatiga ega. Elektrlanish

esa turlicha usullar bilan amalga oshiriladi. Ularning eng soddasi bir jismni ikkinchisiga ishqalashdir.

Masalan, teriga ishqalangan shisha tayoqcha musbat, junga ishqalangan kahrabo tayoqcha esa manfiy

zaryadlanib qoladi. Xo‘sh, bu zaryadlar qanday paydo bo‘ladi? Shuni ta’kidlash lozimki, barcha jismlarda

elektr zaryadi mavjud. Faqatgina elektroneytral, ya’ni zaryadlanmagan jismlarda musbat va manfiy

zaryadlarning miqdori teng. Tayoqchalarni matoga ishqalash esa zaryadlarning paydo bo‘lishiga emas,

balki ularning qayta taqsimlanishigagina olib keladi.

Tayoqcha mato sistemasida ham zaryadlar miqdori o‘zgarmay qolaveradi. Ya’ni hosil bo‘ladigan

zaryadlarning algebraik yig‘indisi nolga teng bo‘ladi.

Page 3: ELEKTRODINAMIKA ASOSLARI - static.abt.uzstatic.abt.uz/post/fizika-2.pdf · Elektrodinamika-elektr zaryadlari orasidagi o‘zaro ta’sirni amalga oshiruvchi elektromagnit maydon qonunlari

Bir xil ishorali ortiqcha elektr zaryadlar jismdagi zaryad miqdori deyiladi. Umumiy zaryad undagi

hamma elektr zaryadlarning algebraik yig‘indisiga teng.

Elektrostatika. Jismlarni zaryadlash (elektrlash) turlari.

Bu jarayonda elektrlanadigan jism elektrlanadi, ya’ni elektr zaryadi oladi. Bunda zaryadlarning qayta

taqsimlanishi ro‘y beradi va natijada ba’zi jismlarda elektronlar ortiqcha bo‘lib qoladi (jism manfiy

zaryadlanadi), ba’zi jismlarda esa elektronlar kam bo‘lib qoladi (jism musbat zaryadlanadi). Shu bilan birga

elektr zaryadining saqlanish qonuni bajariladi.

Elektrlashning eng qadimgi turi ishqalash bilan elektrlashdir. Bir jism ikkinchisiga ishqalanganda tashqi

kuchlar zaryadlarni ajratish uchun zarur bo‘lgan ishni bajaradi. Qattiq jismlar kristall panjarasining

defektlarida zaryadlar yig‘ilgan bo‘ladi va ustki qismda teskari zaryadlangan zarralar qatlami hosil qilinadi.

Ular birgalikda elektroneytral bo‘ladi. Tashqi ishqalanish aynan shu qatlamni buzadi va jismning

zaryadlanishi ro‘y beradi.

Kontakt usulida zaryadlangan va zaryadlanmagan jismlar bir-birlariga tegdiriladi. Bunda zaryadlangan

jism zaryadining bir qismi zaryadlanmagan jismga o‘tadi. Ya’ni elektronlarning diffuziyasi ro‘y beradi.

Kontakt usulida zaryadlanish elektroneytral jismlarda ham ro‘y berishi mumkin. Bunda elektronlarning

diffuziyasini temperaturalar farqi, elektronlar konsentrasiyalarining teng emasligi ham vujudga keltirishi

mumkin.

Kimyoviy reaksiyalar natijasida zaryadlarning qayta taqsimlanishi ro‘y berishi mumkin. Galvanik

elementlar bunga misol bo‘ladi.

Maydon ta’sirida (elektrostatik induksiya). Tashqi maydon ta’sirida jismdagi musbat va manfiy

zaryadlarning bir tekis taqsimoti buziladi.

Turli nurlanishlar ta’sirida (ultrabinafsha, rentgen va 𝛾 –nurlar ta’sirida). Bu nurlar ta’sirida metallar

sirtidan elektronlar uzib olinadi va metall musbat zaryadlanib qoladi.

Elektr zaryadi doimo zarracha va biror jism bilan bog‘langan bo‘ladi. Ammo fizikada jism va

zarralarga urg‘u bermasdan “zaryad” atamasidan foydalanishni afzal ko‘rishadi .

Elektr zaryadining saqlanish qonuni. Juda ko‘plab, jumladan, o‘z tajribalari asosida ingliz fizigi

M.Faradey 1843-yilda tabiatning fundamental qonunlaridan biri elektr zaryadining saqlanish qonunini

ta’rifladi: Istalgan yopiq sistemada, sistema ichida qanday jarayonlar ro‘y berishidan qat’i nazar,

elektr zaryadlarining algebraik yig‘indisi o‘zgarmaydi:

,1

constQn

i

i

(48.1)

bu yerda n−sistemadagi zaryadlar soni.

Yopiq sistema deb tashqi jismlar bilan zaryad almashmaydigan sistemaga aytiladi.

Elektr zaryadi paydo ham bo‘lmaydi, yo‘qolmaydi ham, u faqat bir jismdan ikkinchisiga

uzatiladi yoki shu sistema ichida qayta taqsimlanadi.

Zaryadning saqlanish qonuni chuqur ma’noga ega. Agar elementar zarralar soni o‘zgarmasa, uni tushunish

qiyin emas. Lekin elementar zarralar paydo bo‘lishi (tug‘ilishi) va yo‘qolishi, ya’ni zarralarning turli

aylanishlari ro‘y berishi mumkin. Zaryadning saqlanish qonuniga muvofiq ular juft-juft bo‘lib

yo‘qolishi yoki paydo bo‘lishlari mumkin. Barcha aylanishlarda elektr

zaryadlarining saqlanish qonuni bajariladi va u tabiatning fundamental

qonunidir.

Shunday qilib, olamda zaryadning saqlanish qonuni bajariladi va

aftidan uning yig‘indisi nolga teng bo‘lsa kerak.

Elektr zaryadi−relativistik invariant kattalik bo‘lib, uning miqdori qanday

sanoq sistemasida qaralayotganligiga, zaryadning harakatda yoki tinch

turganligiga mutlaqo bog‘liq emas.

Elektr zaryadining SIdagi birligi. Elektr zaryadining SIdagi birligi

hosilaviy kattalik bo‘lib, 1 A tok oqayotgan o‘tkazgichning ko‘ndalang kesim

yuzidan 1 s da oqib o‘tgan zaryadlar miqdoriga tengdir. Bu zaryad miqdori 1

kulon (C) deyiladi.

sAsАС 1111

Elektroskop. Plastmassa taglikka o‘rnatilgan tayoqcha ilgagiga ikki buklangan yupqa metall

qog‘ozni 1-rasmda ko‘rsatilganidek osib qo‘yamiz.

Ebonit tayoqchani jun matoga ishqalab elektrlaymiz va uni simga tekkizamiz. Bunda sim ham, unga osilgan

folga yaproqchalar ham elektrlanib qoladi va yaproqchalar bir-biridan itariladi. Bunga yaproqchalarning bir

Page 4: ELEKTRODINAMIKA ASOSLARI - static.abt.uzstatic.abt.uz/post/fizika-2.pdf · Elektrodinamika-elektr zaryadlari orasidagi o‘zaro ta’sirni amalga oshiruvchi elektromagnit maydon qonunlari

xil ishorali elektrlanganligi sabab bo‘ladi. Bu tajriba elektroskopning ishlashiga asos qilib olingan.

«Elektroskop» so‘zi grekcha «elektron va «skopeo» so‘zlaridan olingan. “Skopeo”−“kuzatmoq”,

“payqamoq” demakdir. Elektroskop− jismlarning elektrlanganligini sezish, kuzatish uchun

qo‘llaniladigan asbob. Eng sodda elektroskop 2-rasmda ko‘rsatilgan. Unda metall gardishga o‘rnatilgan plastmassa tiqin

orqali metall sterjen o‘tkazilgan. Sterjenning yuqori uchiga sharcha o‘rnatilgan, pastki uchiga esa metall

yaproqchalar mahkamlangan. Gardishning ikkala tomoni oyna bilan berkitilgan.

Elektrometr. Jismlarning qay darajada elektrlanganligini aniqlaydigan ko‘rsatkichli va darajalangan

elektroskop−elektrometr deb ataladi.

3-rasmda elektrometr tasvirlangan. Elektrometrda metall sterjen (1)ga

muvozanatlangan ko‘rsatkich tayoqcha (2) o‘rnatilgan. Sterjen va ko‘rsat-kichni

tashqi ta’sirlardan himoya qilish uchun metall g‘ilof (3) yerga ulangan.

Elektrometrning ichiga ko‘rsatkich mahkamlangan. Sharcha elektrlanganda

sterjen va ko‘rsatkich bir xil ishorali elektrlanadi. Natijada ko‘rsatkich tayoqcha

sterjendan itariladi. Uning holatiga qarab, sharchaning elektrlanganlik darajasini

aniqlash mumkin.

Elektr o‘tkazgichlar va dielektriklar (o‘tkazmaslar). Ikkita bir xil elektrometr olaylik. Ulardan birining sharchasi elektrlangan

bo‘lsin. Ularni yonma-yon qo‘yib, elektrometrlar sharchalarini shisha tayoqcha

bilan o‘zaro ulaylik. Elektrlangan elektrometrning ko‘rsatishi o‘zgarmaydi.

Undagi elektr zaryadlari ikkinchi elektrometrga shisha tayoqcha orqali o‘tmaydi (4-a rasm). Bunga sabab,

shisha elektrni o‘tkazmaydi.

Endi elektrometrlar sharchalarini metall tayoqcha bilan o‘zaro ulaylik.

Birinchi elektrometrdagi elektr zaryadlari ikkinchi elektrometrga o‘tadi.

Natijada birinchi elektrometr ko‘rsatishi kamayadi, ikkinchisiniki esa ortadi (4-b

rasm). Bunga sabab, metall elektrni yaxshi o‘tkazadi.

Moddalardagi elektronlar miqdori. Erkin elektronlarining miqdoriga qarab

moddalar o‘tkazgichlarga, dielektriklarga va yarim o‘tkazgichlarga ajraladi.

Butun hajmi bo‘ylab elektr zaryadini erkin o‘tkazuvchi moddalar o‘tkazgichlar

deyiladi. Barcha metallar, tuz va kislotaning suvdagi eritmalari hamda yer,

beton, ko‘mir va boshqalar elektr o‘tkazgichlardir. Odam tanasi ham elektrni

o‘tkazadi. O‘tkazgichlar ikki guruhga bo‘linadi: 1) birinchi tur o‘tkazgichlar

(metallar)−ularda zaryad (erkin elektronlar) ko‘chganda kimyoviy o‘zgarish ro‘y

bermaydi; 2) ikkinchi tur o‘tkazgichlar (eritmalar) −ularda zaryadning ko‘chishi

kimyoviy o‘zgarishlarga olib keladi.

O‘zidan elektrni o‘tkazmaydigan moddalar dielektriklar deb ataladi. Dielektriklardan

tayyorlangan buyumlar esa izolyatorlar deyiladi.

«Dielektrik»−grekcha so‘z bolib, «o‘tkazmas» degan ma’noni bildiradi.

«Izolyator» esa lotincha «izolyaro» so‘zidan olingan bo‘lib, «yakkalangan»

degan ma’noni anglatadi. Dielektriklarga barcha turdagi shishalar, pastmassalar,

rezina, kauchuk, sopol, havo kiradi.

Ularda amalda erkin elektronlar mavjud bo‘lmaydi. Yarim o‘tkazgichlar

(germaniy, kremniy va hokazolar) o‘tkazgichlar va dielektriklar oralig‘ida

bo‘ladi.

Jismlarning elektr qutblanishi. Kahrabo tayoqcha elektrlanganda

manfiy zaryad oladi. Unda qanday qilib u zaryadlanmagan zarrani o‘ziga

tortadi?

Demak, zarra ham qandaydir usul bilan zaryadlanib qolgan bo‘lishi

kerak. Zarra ham har qanday dielektrik kabi tayoqning elektr maydonida

qutblanadi. Zarraning tayoqchaga yaqin joyida bog‘langan musbat zaryadlar,

uzoq joyida esa manfiy zaryadlar paydo bo‘ladi. Zarraning umumiy zaryadi esa

nolga teng bo‘lib qolaveradi. Zarraning musbat zaryadlari manfiy zaryadlariga

nisbatan tayoqchaga yaqin bo‘lgani uchun ham zarraning manfiy zaryadlangan

tayoqchaga tortilishi kuzatiladi.

Ikkita bir xil jismli zaryadlangan jismlarning bir-birlariga tortilishlari ham

shunday ro‘y beradi.

Page 5: ELEKTRODINAMIKA ASOSLARI - static.abt.uzstatic.abt.uz/post/fizika-2.pdf · Elektrodinamika-elektr zaryadlari orasidagi o‘zaro ta’sirni amalga oshiruvchi elektromagnit maydon qonunlari

Agar ulardan birining zaryadi ikkinchisinikidan juda katta bo‘lsa, kichik zaryadli jism shunday kuchli

qutblanishi mumkinki induksiyalangan bog‘langan zaryad uning xususiy zaryadidan ham ancha katta

bo‘ladi. Bu holda, tabiiyki, induksiyalangan zaryadning tortishishi kichik jism xususiy zaryadining itarish

kuchidan ham kattaroq bo‘ladi. Natijada ikkita bir xil ismli zaryadlangan jismlarning tortishishlari kuzatiladi.

Zaryadlanmagan jismlarning elektr ta’sirlashuvi juda ham g‘aroyib tuyuladi. Atomlar moddada va

elektronlar atomlarda doimo harakatda. Shuning uchun istalgan neytral jismning turli nuqtalarida o‘z-o‘zidan

zaryadlar induksiyalanishi mumkin. Bu holda ham jismning to‘la zaryadi o‘zgarmay qolaveradi. Jism ichida

zaryadlarning bunday o‘z-o‘zidan ajralishi tasodifiy ro‘y beradi va unga qutblanish fluktatsiyasi deyiladi.

Agar bitta jism (atom) tasodifan qutblansa, bu jism zaryadining maydonida qo‘shni jism (atom) shu

lahzadayoq qutblanadi va natijada bu zaryadlanmagan jismlar orasida elektr tortishish kuchi vujudga

keladi. Neytral atom va molekulalar orasidagi o‘zaro elektr ta’siri (Van-der-Vaals mexanizmi) ham shu kabi

ro‘y beradi.

Sinov savollari

1. Elektrodinamika bo‘limi nima haqida? 2. Elektr hodisalarini kishilar qachon seza boshlashgan?

3.Elektrlangan tushunchasi kim tomonidan va nima asosida fanga kiritilgan? 4. R.Milliken o‘z tajribasida

nimani aniqlagan? 5. Qanday elektr zaryadlari mavjud? 6. Elektr zaryadi diskret deganda nimani tushunasiz?

7. Elektron va protonlar haqida nimalarni bilasiz? 8. Zaryadlangan zarralar orasida qanday ta’sir mavjud?

9.Elektromagnit ta’sir barcha jismlarga xos xususiyatmi? Gravitatsion ta’sir-chi? 10. Elektr zaryadining

miqdori nima bilan xarakterlanadi? 11. Gravitatsion ta’sir kuchlimi yoki elektromagnit ta’sirmi? 12. Jismlar

qanday usullar bilan elektrlanishi mumkin? 13. Jismlarda zaryad qayerdan paydo bo‘ladi? 14. Biror

jarayonda hosil bo‘ladigan zaryadlarning algebraik yig‘indisi nimaga teng? 15. Elektr zaryadining saqlanish

qonunini ayting? 16. Yopiq sistema deb qanday sistemaga aytiladi? 17. Elektr zaryadining miqdori sanoq

sistemasining tanlanishiga bog‘liqmi? 18. Elektr zaryadining SIdagi birligi qanday?

Asosiy atamalar.

O‘zbekcha Ruscha Inglizcha

Elektr Электр Electr

Zaryad Заряд Charge

Maydon Поле Field

Bo‘lim Раздел Section

Qadim zamon Древние времена Ancient times

Yagona Единственный Single

Kashfiyot Открытие Exploration

Namoyon Проявление Visible

Tushuncha Понятие Idea

Diskret Дискрет Discret

Miqdor Количество Amount

Jun Шерсть Wool

Mato Ткань (материал) Dothcloth, material

Kahrabo Эбонит Magnet

Ishqalash Трение Rubbing

Elektroneytral Электронейтральное Elektroneutral

Ortiqcha Болше (лишний) Irrelative

Yig‘indi Сумма Sum

Ko‘chish Перемещение transfer

Mashqlar

1. Kahrabo tayoqcha jun matoga ishqalanganda zaryadlanib yengil narsalarni tortadi. Yengil narsalar

zaryadlanmaganku? Ular orasidagi tortish kuchi qanday tabiatga ega?

2. Nima uchun plastmassa yoki ebonit taroqlar bilan soch taralganda soch taroqqa yopishib qoladi?

Javob: Ebonit yoki plastmassa taroqlar bilan soch taralganda zaryadlarning qayta taqsimlanishi ro‘y beradi

va ular qarama−qarshi ishorali zaryadlar bilan zaryadlanib qoladi. Shu sababli sochlar taroqqa tortiladi.

3. Shkivga o‘tkazilgan qayish harakatlanganda vaqti-vaqti bilan uchqun chaqnab turadi, buning sababi nima?

Page 6: ELEKTRODINAMIKA ASOSLARI - static.abt.uzstatic.abt.uz/post/fizika-2.pdf · Elektrodinamika-elektr zaryadlari orasidagi o‘zaro ta’sirni amalga oshiruvchi elektromagnit maydon qonunlari

Javob: Qayish va shkiv orasidagi ishqalanish natijasida elektr zaryadlarning qayta taqsimlanishi ro‘y beradi.

Ular ortiqcha biror turdagi elektr zaryadlariga ega bo‘lib qolishadi. Bu zaryadlar biror qiymatga yetganidan

so‘ng ular orasida zaryadlarning o‘tishi, ya’ni uchqun ro‘y beradi.

4. Agar elektroskopning sharchasiga zaryadlangan jism tegdirilsa, yaproqlari nega

ochiladi?

Javob: Bunda elektroskop yaproqlarining ikkalasi ham bir xil zaryadlanib qoladi

va natijada bir– birlarini itarishadi.

5. Ingichka ipga osib qo‘yilgan zaryadlangan sharchaga elektroskoplar

yaqinlashtirildi. Bunda sharcha o‘ng tomonga og‘di (5-rasm). Bundan qanday

xulosa chiqarish mumkin.

Javob: Demak, chap tomondagi elektroskop va sharchaning zaryadlari bir xil

ismli, yoki bir-birlarini itarishadi. O‘ng tomondagi elektroskop va sharcha

zaryadlari turli ismli, ya’ni bir-birlarini tortishishadi.

6. Musbat zaryadlangan sharga qo‘limizni tegdirsak, uning massasi o‘zgaradimi?

Agar shar manfiy zaryadlangan bo‘lsa-chi?

Javob: Qo‘limizni tegdirsak, shar zaryadlanib qoladi. Ya’ni unga barmog‘imizdan qanchadir miqdorda

elektronlar o‘tib yetishmagan elektronlar o‘rnini to‘ldiradi. Sharning massasi esa o‘tgan elektronlar

massalariga teng miqtorda ortadi.

Agar shar manfiy zaryadlangan bo‘lsa ortiqcha elektronlar qo‘limizga o‘tadi. Demak, manfiy zaryadlangan

sharning massasi qo‘limizga o‘tgan elektronlar massalarining soniga teng miqdorda kamayadi.

7. Zaryadlangan elektroskopning shariga qo‘lni yaqinlashtirsak(tekkizmadan) uning yaproqchalari bir-biriga

yaqinlashadi. Bunga sabab nima?

Javob: Elektroskop yaproqlarining bir-birlariga yaqinlashishiga sabab ulardagi zaryad miqdorining

kamayishidir. Qo‘lni elektroskop shariga yaqinlashtirganimizda (qo‘l juda yaxshi o‘tkazgich) unda

elektroskopnikiga teskari ishorali zaryadlar yig‘iladi (induksiyalanadi). Natijada elektroskopdagi zaryadlar

sharga yig‘ilib yaproqchalarda kamroq qoladi va ular bir-birlariga yaqinlashishadi.

8. Zaryadlangan elektroskop shariga (tegdirmasdan) zaryadlangan metall tayoqcha yaqinlshtirilgan.

Elektroskop yaproqlarining joylashuvi qanday o‘zgaradi?

Javob: Agar tayoqchaning zaryadi elektroskopning zaryadi bilan bir xil ismli bo‘lsa, yaproqchalar yanada

uzoqlashadi. Bunga sabab elektroskop sharida teskari ishorali zaryadlarning induksiyalanishi va

yaproqchalardagi zaryadlarning yanada ortishidir. Agar tayoqchaning zaryadi elektroskopning zaryadiga

teskari bo‘lsa yaproqchalar yaqinlashishadi. Bunga sabab zaryadning bir qismi sharda yig‘lib

tayoqchalardagi zaryad miqdorining kamayishidir.

9. Nima uchun elektrostatikada zaryadlangan jismlarni oddiy ipga emas, balki shoyi ipga olishni tavsiya

qiladilar (Quruq bo‘lishi maqsadga muvofiq)?

Javob: Shoyi juda yaxshi izolyator (elektr zaryadini juda yomon o‘tkazadi) va bundan tashqari suvni

shimimaydi.

10. Elektroskopning shariga barmog‘imizni tegizsak, u tezda zaryadsizlanib qolishiga sabab nima?

Javob: Inson tanasi yaxshi o‘tkazgich. Agar qo‘limizni elektroskop shariga tegizsak, zaryadlar tanamizga

o‘tib qoladi.

11. Nima uchun chaqmoq qaytargichning pastki uchi yerning chuqurroq, doimo nam bo‘lgan qismigacha

tushiriladi?

Javob: Yig‘ilgan zaryadlarni yerning chuqurroq, yaxshi o‘tkazuvchi bo‘lgan nam qismigacha yetib borishini

ta’minlash uchun.

Qo‘llanmani sotib olish bo‘yicha +998 90 615 90 09; +998 97 772 92 26

telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Qo‘llanma bo‘yicha barcha mulohazalarni [email protected]

elektron pochtaga yuborishingizni so‘raymiz.